🎆“VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!”: QUVASOYDA UNUTILMAS BAYRAM OQSHOMI
Quvasoy shahridagi “Sementchi” o‘yingohida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tantanasi ko‘tarinki ruh, unutilmas lahzalar va quvonchli onlarga boy bo‘ldi.
Bayram tadbirini shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov tabrik so‘zi bilan ochib, shodiyona ishtirokchilari va ularning timsolida barcha shahrimiz ahlini ulug‘ ayyom bilan qizg‘in qutladi. Shahar hokimi mustaqillik, ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, Quvasoyda qurilish, bunyodkorlik, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, hayotini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli islohatlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Bayram avvalida, Vatan madhiyasi jarang sochdi. Shundan so‘ng, shahar madaniyat bo‘limi havaskorlari, taniqli estrada xonandalari Jaloliddin Ahmadaliyev, Malika Egamberdiyeva hamda viloyatimiz san’atkorlari kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilgan 6 mingdan ortiq tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdilar.
O‘yingohni larzaga solgan qo‘shiqlar va raqslar, qarsaklar va olqishlar bayram shukuhini yanada oshirdi. Tadbir yakunida esa osmonga ko‘tarilgan rang-barang mushakbozlik barcha ishtirokchilar uchun unutilmas tuyg‘ularni hadya etdi.
Quvasoy shahrida boshlangan shodiyona barcha mahallalar va mehnat jamoalarida davom etmoqda.
Mustaqilligimizning 34 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin! 🎉